Yaqinda “Alohida mavzu” loyihasida Hasanxon Yahyo Abdulmajid ishtirok etgan koʻrsatuvni koʻrib, chuqur xayolga toldim. Koʻrsatuvda bir teran haqiqat tilga olindi: “Farzand otasining sirridir”. Biz koʻpincha bu ifodani shunchaki chiroyli, majoziy bir oʻxshatishdek tinglab, oʻtib ketganmiz. Ammo uning zamiridagi falsafiy yuk va zamonaviy ilm-fan xulosalaridan sizib chiqayotgan haqiqatlar meni bugun ushbu mavzuni chuqurroq ochishga, qoʻlimga qalam olishga majbur qildi.
    Biz koʻpincha farzand tarbiyasi haqida gapirganda, unga qaysi bogʻcha yoki maktabni tanlashni, qaysi tilni oʻrgatishni yoki qanday jazolash-u ragʻbatlantirishni oʻylaymiz. Yaʼni, bor eʼtiborimizni tashqi omillarga qaratamiz. Ammo videodagi bir fikr ichimda nimadir uzilgandek aks sado berdi: 
“Solih ota-ona bo‘lishning asli, birinchi sharti — ichki olamni tuzatishdir. Bola ota-onaning ichki olamidir”.
     Bu shunchaki nasihat emas. Bu bugungi kunning eng zamonaviy fani — epigenetika isbotlayotgan biologik haqiqatdir.

Bola bizning ichki holatimizni qayerdan oladi?

     Ilm-fan uzoq vaqt davomida inson genlar nima boʻlsa, shunga qarab shakllanadi, deb hisoblab keldi. Yaʼni, senga ota-onangdan qanday xarakter oʻtgan boʻlsa, taqdiring ham shunga bogʻliq degandek. Biroq bugungi zamonaviy tadqiqotlar buning aksini koʻrsatyapti. Genlar shunchaki asos xolos, ularning qaysi biri uygʻonishi yoki uxlab yotishi ota-onaning hayot tarziga, ruhiy holatiga bogʻliq ekan. Masalan, neyrobiolog olimlarning oʻrganishicha, hayotida ogʻir stressni boshidan oʻtkazgan, ichki xavotir bilan yashagan insonlarning farzandlarida ham stress gormonlari tugʻma ravishda oʻzgargan boʻladi.
    Bu nima degani? Biz oʻzimiz yenga olmagan qoʻrquvlar, ichimizga yutgan gʻazabimiz yoki hal qilmagan ruhiy muammolarimiz bilan bilmasdan bolamizning asab tizimiga taʼsir oʻtkazar ekanmiz. Bola — biz oʻzimiz bilan oʻzimiz kurashgan ichki dunyomizning koʻzgusi boʻlib chiqadi. Biz yashirgan, birovga aytmagan “sirlarimiz” bolaning xarakterida namoyon boʻla boshlaydi.

Oʻzimizni oʻzgartirmasdan, bolani oʻzgartira olamizmi?

   Suhbat davomida aytilgan gʻoya juda goʻzal: agar ota oʻz hayotida adolat va ichki intizomni o‘zgarmas qoida (konstanta) qilib olgan boʻlsa, bu farzand ruhiyatida tabiiy immunitet shaklida namoyon boʻladi. Bola tayyor mevani oladi.
    Lekin keling, masalaning boshqa, ogʻriqliroq tomoniga qaraylik. Agar ota oʻz ustida ishlashdan qochsa-chi? Agar u oiladagi masʼuliyatdan zerikib, faqat karyera ortidan quvsa yoki aksincha, hayotning qiyinchiliklari oldida taslim boʻlib, passiv yashashni tanlasa-chi?
     Bola otani shunchaki boquvchi emas, balki dunyoning mutloq modeli sifatida qabul qiladi. Otaning muammoga duch kelgandagi ongosti reaksiyasi — chekinishi, baqirishi yoki masʼuliyatni birovga agʻdarishi — bolaning miyasida dunyo bilan muloqot qilishning yagona toʻgʻri usuli sifatida “kodlanadi”.
    Ota va farzand oʻrtasidagi muloqot shunchaki qon parchalari almashinuvi emas, bu irsiy-ma’naviy transmissiyadir. Energiya va maʼlumot uzatish tizimidir. Ota oʻz ustida ishlaganda, kitob oʻqiganda, falsafiy mushohada yuritganda u faqat shaxsiy rivojlanishga erishmaydi, u boʻlajak avlodining hayotiy start pozitsiyasini oʻzgartiradi. Unga “koʻrinmas resurslar merosi”ni qoldiradi.

Xulosa oʻrnida: Oʻzimizdan boshlaylik

    Ushbu loyihani koʻrib, maqolaga tayyorgarlik koʻrar ekanman, farzandimning yuziga boshqacha nazar bilan boqadigan boʻldim. Undagi qaysidir injiqlik, qaysidir qoʻrquv yoki aksincha, qatʼiyat qayerdan kelganini endi tushunaman. Unda mening bugungi va kechagi holatim aks etmoqda.
   Biz farzandimizni yaxshi inson qilmoqchi boʻlsak, unga soatlab maʼruza oʻqishimiz, qaysidir qoliplarga solishimiz shart emas ekan. Eng avvalo, qalbimiz tubidagi yashirin illatlar bilan yuzlashishimiz, ichki dunyomizni tartibga solishimiz kerak. Oʻzimizdagi kamchiliklarni tuzatish — shunchaki shaxsiy xohish emas, bu bizdan keyin keladigan, bizning “sirimiz” boʻlmish yangi hayotning taqdirini yozish demakdir.
    Chunki biz bugun hal qilmagan va yashirgan muammolarning javobini ertaga farzandlarimiz izlashga majbur boʻladi. Kelajakni kodlashni bugun oʻzimizdan boshlaylik.
    Ushbu maqola muallifning shaxsiy kuzatuvlari, “Alohida mavzu” loyihasidagi maʼrifiy suhbat hamda zamonaviy epigenetika fanining xulosalari asosida tayyorlandi.

Mavzuga doir tavsiya: Ushbu fikrlarning davomi va ota boʻlish masʼuliyatining boshqa nozik jihatlari haqidagi oldingi mulohazalarim bilan quyidagi maqolada tanishishingiz mumkin: Otalik haqida mulohazalar